Bir "Imkon" ming mo‘jiza
Har bir raqam ortida bir bolalik, bir orzu va bir oila taqdiri turadi. O‘zbekistonda har yili 800 nafargacha bola BSF tashxisi bilan ro‘yxatga olinadi. Bugun esa qariyb 40 ming nafar bola bu sinov bilan ulg‘aymoqda. Dunyoda har ming boladan 1,7–7 nafari, O‘zbekistonda esa har ming tirik tug‘ilgan chaqaloqning 3,5 nafari bu holat bilan yashamoqda.
BSF nima?
Bolalar serebral falaji (BSF) — bosh miya va markaziy asab tizimining erta davrdagi shikastlanishi natijasida yuzaga keladigan kasallik bo‘lib, asosan bolaning harakatlanish qobiliyatiga ta’sir qiladi. Kasallik homiladorlik davrida, tug‘ruq vaqtida yoki tug‘ilgandan keyingi ilk yillarda miyaning zararlanishi oqibatida rivojlanadi. BSF bilan og‘rigan bolalarda mushaklar tarangligi, muvozanat buzilishi, yurish va harakatlarni boshqarishda qiyinchiliklar kuzatilishi mumkin. Shuningdek, ayrim hollarda nutq, eshitish, ko‘rish va aqliy rivojlanish bilan bog‘liq muammolar ham uchraydi. 

  • Salom, men Hikmatullayev Abdurahmonman. Hozir 10 yoshdaman. Men BSF (bolalar serebral falaji) bilan tug‘ilganman. Bu holat chaqaloqligimda unchalik sezilmasdi. Ammo ulg‘ayib, o‘sganim sari uning ta’siri yanada yaqqol ko‘rina boshladi. 4–5 yoshimda ham yurishga qiynalardim, hatto “oyijon”, “dadajon” deb aytish ham qo‘limdan kelmasdi. Keyin esa hayotim o‘zgardi. Chunki menga “Imkon” berildi.

    Men bu yerga besh yildan beri qatnayman. Dastlab markazning bog‘cha bo‘limiga kelgan bo‘lsam, hozirda reabilitatsiya bo‘limida muolajalarimni davom ettirmoqdaman. Sog‘ligimda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Xususan, mustaqil o‘tirishni o‘rgandim, o‘zimni ancha yaxshi boshqara olyapman. Nutqim ham rivojlandi — hozir bemalol gaplasha olaman, onam bilan suhbat quraman, opalarimga baqiraman, qornim ochsa ovqat so‘rayman va onamga istagancha rahmat ayta olaman. Ota-onam meni har kuni mashg‘ulotlarga olib keladi va darslar davomida yonimda bo‘lib, menga dalda beradi.
Ushbu hikoya muallifi — Qibray tumanida joylashgan, alohida ehtiyojga ega bolalarni reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan “Imkon” markazi tarbiyalanuvchisi. Anhor.uz u bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan media-taqdimotda tanishdi. Bu yerda Abdurahmon singari yuzlab bolalar ta’lim olib, reabilitatsiya muolajalaridan o‘tmoqda.
“Imkon” reabilitatsiya markazi rahbari Ozoda Ulug‘ovaning ma’lum qilishicha, markaz 2021-yil 3-dekabrda faoliyat boshlagan. Hozirda respublika bo‘yicha Nukus, Qibray, Zarafshon va Qarshi shaharlarida jami to‘rtta shunday markaz faoliyat yuritmoqda.
Ismim Sadriddin, qizimning ismi Fotima. U hozir 6 yoshda. Uning kasalligini 5 oyligida payqab qoldik. O‘sha paytda u boshini tuta olmasdi, yoshi ulg‘aygan sari ham hali gapira olmayotgandi. Singlisi Zuhraxon allaqachon o‘tirib, emaklashni boshlagan paytda Fotimaning o‘tirishi ham hali gumon edi.
Qizimni davolatish umidida 10 dan ortiq davlatga, jumladan Turkiya, Xitoy va Isroilga tahlillarini yubordik. Barcha xorijiy mutaxassislar yagona chora sifatida reabilitatsiyani tavsiya qilishdi. Mana shunday boshi berk ko‘chaga kirib qolganimizda, “Imkon” bizga umid berdi.
Biz bu yerga 2022-yildan buyon kelamiz. Shu vaqt ichida Fotima boshini tutishni, o‘tirishni va birma-bir qadam tashlab yurishni o‘rgandi. Hozirda u “ada”, “oyi”, “uka” kabi 15 ga yaqin so‘zni ayta oladi. Bu biz uchun juda katta natija.
Hozir egizagim Hasan bilan to‘rtinchi sinfda o‘qiymiz. U umumta’lim maktabida ta’lim oladi, men esa uyda o‘qiyman. 11 yoshga to‘lgan bo‘lsam ham, hayotimning eng baxtli 5 yilini aynan “Imkon”da o‘tkazdim.
Sababi men ham BSF bilan tug‘ilganman. Yura olmasdim, harakatlarim juda cheklangan edi. Onam, dadam va opalarim bilan suhbatlashishni juda xohlardim. Ammo 6 yoshga kirgan bo‘lsam ham, gapirishdan, hayqirishdan, yugurishdan darak yo‘q. Juda qiynaldim.
Keyin “Imkon” ochildi. Men uning ilk qaldirg‘ochlaridanman. 2021-yilda markazning ochilishi men kabi dunyoni "faqat uyining shiftigacha" deb o‘ylaydigan yuzlab bolalarning hayotini o‘zgartirdi. Onam meni 5 yildan buyon har kuni Chirchiqdan olib keladi va mashg‘ulotlardan so‘ng yana o‘zlari uyga olib ketadi. Natijalarim bilan bemalol maqtana olaman. O‘zimni ancha erkin his qilaman. Notiqlardek ravon gapirmasam ham, fikrlarimni onamga aytaman. Ba’zan ko‘chada toza havoda sayr qilib kelishga ham qodirman.
Balki sizga bu katta muvaffaqiyatdek tuyilmas, balki boshqa o‘qigan qahramonlaringizning hikoyalariga o‘xshab ketar. Ammo, men uchun bu juda katta natija. Juda katta g‘alaba.
The Innovators:
How a Group of Geniuses, and Geeks Created the Digital Revolution
Markazda pediatrlar, ortopedlar, reabilitologlar, defektologlar, psixologlar, logopedlar va boshqa mutaxassislardan iborat ko‘p tarmoqli jamoa faoliyat yuritadi. Eng muhimi, markazdagi barcha reabilitatsiya xizmatlari, mashg‘ulotlar va muolajalar bolalarga mutlaqo bepul taqdim etiladi. Shu tariqa “Imkon” markazi alohida ehtiyojga ega bolalarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularning jamiyatga moslashuvini ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.
Agar “Imkon”ga kelib Davronov Muhammad Azizni so’rasangiz tarbiyachilar sizni to’g’ri  menga olib kelishadi. Hozir olti yoshdaman, 'Imkon'ga kelganimga ikki yil bo'ldi. Tashxisim bolalar serebral falaji. Bu markazga kelgunimga qadar umuman harakat qila olmas edim. Tashqi tasirga reakiyam bilinmasdi. Faqat ko’kka ko’z tikib yotardim xolos. Bugunchi qarangm qo’limda yelim bilan oyim uchun tabrik xati yozyapman.
Siz ham shukr qiling
Qo‘limdan hech kim ushlab turmayapti. Barmoqlarim ruchkani, qog‘ozni his qilyapti. Odamlar menga tabassum bilan gapirsa, men ham ularga tabassum bilan javob qaytaryapman. Men faqat yaxshi va ko‘ngilni ko‘taradigan so‘zlarni o‘rgandim. Ularni ustozlarimga va do‘stlarimga aytib, kayfiyatlarini ko‘taryapman.
Guruhimizda bolalar ko‘p, ularning har biri o‘ziga xos. Kimdadir ham BSF, ham Daun sindromi bor, yana kimdir BSF bilan birga ko‘zi ojiz. Mana, yonimda o‘tirgan do‘stim ham shunday bolalardan biri.
Lekin bir narsa bor, bilasizmi? Biz baxtlimiz. Chunki bizning hammadan kuchli ota-onalarimiz, mehribon tarbiyachilarimiz va jonkuyar Prezidentimiz bor. Agar ularning tashabbusi bo‘lmaganda, balki men ham hozirgacha mendan 15–20 yosh katta, BSF bilan tug‘ilgan ayrim aka-opalarim singari bir to‘shakka mixlanib yotgan bo‘lardim.
Men olti yoshdaman. Shukr qilaman. Siz ham shukr qiling.
Bolalarning "Imkoni" yanada kengayadi
“Imkon” reabilitatsiya markazlari tarmog‘ini kengaytirish doirasida respublikaning turli hududlarida yana to‘rtta yangi markaz qurilmoqda. Ushbu markazlar alohida ehtiyojga ega bolalar va ularning oilalariga sifatli reabilitatsiya xizmatlarini yashash joyiga yaqin hududlarda taqdim etish maqsadida barpo etilmoqda.
Muhim eslatma! Materialni yanada boyitish va O‘zbekiston bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘rganish maqsadida respublikamizda birinchilardan bo‘lib ochilgan Nukusdagi "Imkon" markaziga bog‘lanishga harakat qildik. Lekin markaz xodimlari qo‘ng‘iroqlarimizga juda e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘ldi. Jurnalist ekanligimizni bilishi bilan aybdor insondek qayta qo‘ng‘iroq va’dasi bilan bizni aldab ketdi. (Agar qo‘ng‘iroq qilsa u bergan ma’lumotlar mana shu yerda paydo bo‘ladi).
This site was made on Tilda — a website builder that helps to create a website without any code
Create a website