Jumagul “Umidani chaqir”di

"To'ygan timsoh og'zidagi o'ljaman"
U jon-jahdi bilan harakat qilib, erining changalidan chiqqanicha, ikki farzandini olib, ko‘chaga yugurdi…

“Sevib qolgandim. Ota-onamning roziligiga qaramay to‘y qildik. Baxt kechamiz oppoq orzularga boy bo‘ldi. Vaqt o‘tib ikki farzandlik bo‘ldik, kunlarimiz baxtli o‘tardi to erim chet elda ishlab kelguniga qadar…”

Qahramonimizning oilasida ba’zi bir yetishmovchiliklar bo‘lib turardi. Ammo, oxirgi paytlar muammolar ko‘paydi. Bu orada Baxit ishlash uchun Qozog‘istonga ketdi. “COVID-19” pandemiyasi sabab e’lon qilingan karantin davrida boshqa muhojirlar qatori u ham majburan uyiga qaytdi. Biroq, Jumagul erini taniy olmadi. Tashqi qiyofasi o‘sha Baxit bo‘lsa-da, uning fe’l-atvori, yurish-turishi butunlay o‘zgargan edi. U jizzaki, o‘ta asabiy bo‘lib qolgan, arzimas bahonalar bilan xotini va farzandlariga baqirar, hatto qo‘l ko‘tarardi. Eng yomoni, xotiniga jinsiy zo‘ravonlik qila boshladi. Erining o‘ziga nisbatan o‘ta sovuq muomalasi, g‘ayritabiiy hamda axloq normalariga mos bo‘lmagan munosabatda bo‘lishi, azoblab huzurlanishi uning sog‘ligiga ham ta’sir ko‘rsatayotgandi. Jumagul farzandlarini o‘ylab hammasiga chidashga harakat qildi. Ammo uning kurakda turib bo‘lmas talablari, “Sen mening xotinimsan, xohlagan ishimni istagan joyimda, istagan vaqtimda qilaman”- deb ro‘kach qilishi uning sabr kosasini to‘ldirdi.

Kunlarning birida Baxit xotiniga tashlanib, uning qarshilik ko‘rsatishidan jazavaga tushib, duch kelgan joyiga ura boshladi. Birdan Jumagulning ko‘zi qo‘rquvdan qaltirab, sandiq orqasiga berkingan o‘g‘liga tushdi. Jon-jahdi bilan harakat qilib, erining changalidan chiqqanicha uning oldiga yugurib bordi. O‘g‘lini ko‘tarib, hovlida o‘ynab yurgan qizni qo‘lidan tutganicha qochib, tashqariga chiqdi. Baxit xotining orqasidan yugurdi. Ammo Jumagul bu orada uzoqqa qochishga ulgurgan edi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini idorasiga yig‘lab kelgan Jumagul bo‘lgan voqeani qanday aytishini bilmasdi. Suv ichib, biroz o‘ziga kelgach, mahalla raisining da’vati bilan profilaktika inspektoriga ariza bilan murojaat qildi. O‘z navbatida, inspektor Jumagulni Qoraqalpog‘iston Respublikasi ayollarni Reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga olib bordi.
“Jumagul Markazimizga kelganida qattiq stressda edi. Voqeani so‘raganimizda aytishga iymanar, ammo tinmay erining “sadist” ekanligini takrorlardi. U o‘g‘lining bo‘lib o‘tgan voqealarni ko‘rib, kelajakda u ham zo‘ravon bo‘lib qolmasligi uchun farzandlarini olib, uydan chiqib ketganini aytdi, - deydi Markaz psixologi Roza Amanova. - Jumagulni markazimizning boshpanasiga joylashtirdik. Unga o‘z huquqlarini himoya qila olishi uchun huquqiy maslahat berildi. Jumagul va uning eri Baxitga psixologik mashqlar o‘tkazildi.
Erini chaqirib, u bilan suhbatlashildi. Uni psixiatrga yo‘naltirdik. Ammo Baxit negadir shifokorga borishdan bosh tortib, o‘z aybiga iqror ekanligini, bu ishni boshqa takrorlamasligini, markazda o‘tgan psixologik mashqlar yordamida o‘z hissiyotlarini jilovlay olishni o‘rganganini bildirdi.
Jumagulga eriga nisbatan “Himoya orderi” rasmiylashtirib berildi. IIB profilaktika inspektori va markazimiz xodimlari oilani bir yil davomida kuzatuvga oldik. Bu oila bilan ishimiz davom etyapti.
Agar, siz ham shunaqa vaziyatga tushsangiz, sizga zo’ravonlik qilishsa, yokinoto’g’ri e'tibor qaratishsa, yo ko'chada sizni taqib qilshsa, unda siz ham CallUmidaga (UmidaniChaqiring) murojaat qilishingiz mumkin.

This site was made on Tilda — a website builder that helps to create a website without any code
Create a website